linkedin facebook linkedin facebook nod32

Mikroprosessorlar arxitekturasi

Muallif: Toirov A.

Qo`shilgan sana: 2014-05-03

Mikroprosessorlar arxitekturasi

Tizimni boshqarish vazifasi xotira (X) va kiritish-chiqarish tizimi (KChT) bilan xotira kanali va kiritish-chiqarish kanali orqali tegishincha ulangan MzPga (MzP) yuklanadi. MzP xotira ichidan muayyan dasturni shakllantiruvchi komandalarni solishtirib chiqarib, ularning kodini ochadi. Komandalar kodi ochilishining natijasiga muvofiq MzP xotira va kiritish portlaridan ma’lumotlarni tanlab olib, ularga ishlov beradi va xotiraga yoki chiqarish portlariga qaytarib yuboradi. Shu bilan birga ma’lumotlarni MzP ishtirokisiz ham xotiradan tashqi qurilmalarga va aks yo’nalishda kiritish- chiqarish imkoniyati mavjud. Bunday mexanizm xotiraga to’g’ridan-to’g’ri kirish (XTTK) deb ataladi. MP tizimining har bir tarkibiy qismi etarlicha murakkab ichki tuzilishga ega.
Foydalanuvchi nuqtai nazaridan qaraganda MP tanlash fursatida mikroprotsessor imkoniyatlarining ma’lum darajada umumlashtirilgan kompleks tavsiflariga ega bo’lish maqsadga muvofiqdir. Ishlab chiqaruvchi mutaxassis MPning faqat dasturlarda ochiq aks etadigan hamda tizim ishining chizmalari va dasturlarini tayyorlash mobaynida inobatga olinishi lozim bo’lgan komponentlarini anglab olib, o’zi uchun tushuncha hosil qilib olishga ehtiyoj sezadi xolos. Bunday tavsiflar mikroprotsessor arxitekturasi tushunchasi orqali belgilanadi.
Mikroprotsessor arxitekturasi haqida tushuncha
Mikroprotsessor arxitekturasi – foydalanuvchi nuqtai nazaridan qaraladigan mantiqiy tuzilish bo’lib, MP tizimini tuzish uchun zarur bo’ladigan funktsiyalarning apparatlar va dasturlar vosita amalga oshirilishiga ko’ra mikroprotsessorda joriy etiladigan imkoniyatlarni belgilab beradi. Mikroprotsessor arxitekturasi tushunchasi quyidagilarni aks ettiradi:
mikroprotsessor tuzilishini, ya’ni mikroprotsessorni tashkil etadigan tarkibiy qismlar komponentlarining majmui va ular orasidagi aloqalarni (foydalanuvchi uchun mikroprotsessorning registrli modeli bilan cheklanish kifoyadir);
ma’lumotlarning taqdim etilish usullari va ularning formatlarini;
tuzilishning dasturiy jihatdan foydalanuvchi uchun tushunarli bo’lgan barcha elementlariga murojaat qilish usullarini (registrlarga, doimiy va tezkor xotiralar uyalariga, tashqi qurilmalarga ma’lum manzil bo’yicha murojaat qilish);
mikroprotsessor tomonidan bajariladigan operatsiyalar to’plamini;
mikroprotsessor tomonidan shakllantiriladigan va uning ichiga tashqaridan kirib keladigan boshqaruvchi so’zlar va signallar tavsifini;
tashqi signallarga bildiriladigan munosabatlarni (uzilishlarga ishlov berish tizimi va shu kabilar).
Mikroprotsessor tizimining xotira bo’shlig’ini shakllantirish usuliga ko’ra MP arxitekturalari ikkita asosiy turga bo’linadi.
Dasturlar va ma’lumotlarni saqlash uchun bitta xotira bo’shlig’i qo’llanilgan tuzilish fon Neyman arxitekturasi deb ataladi (dasturlarni ma’lumotlar formatiga muvofiq keladigan formatda kodlash taklifini kiritgan matematik nomi berilgan). Bunda, dasturlar ham, ma’lumotlar ham yagona bo’shliqda saqlanib, xotira uyasidagi axborot turiga ishora qiluvchi biror-bir alomat bo’lmaydi. Bunday arxitekturaning afzalliklari jumlasiga mikroprotsessorning ichki tuzilishi nisbatan soddaligi va boshqaruvchi signallar sonining kamligi kiradi.
Dasturlar xotirasi CSEG (ingl. Code Segment) va ma’lumotlar xotirasi DSEG (ingl. Data Segment) o’zaro ajratilgan hamda har biri o’zining manzilli bo’shlig’i va kirish usullariga ega bo’lgan tarzda yaratilgan tuzilish Garvard arxitekturasi deb ataladi (shunday arxitekturani yaratish taklifini kiritgan Garvard Universiteti laboratoriyasining nomi berilgan). Ushbu arxitektura nisbatan murakkab bo’lib, qo’shimcha boshqaruv signallarini talab qiladi. Biroq, u axborot bilan ancha uddaburon harakatlar bajarish, ixcham kodlashtiriladigan mashina komandalari to’plamini joriy etish va qator hollarda mikroprotsessor ishini jadallashtirish imkonini beradi. Intel firmasining MCS-51 oilasiga mansub mikrokontrollerlar mulohaza yuritilayotgan arxitekturalarning bir vakili sanaladi.
Bugungi kunda aralash arxitekturali mikroprotsessorlar ishlab chiqarilib, ularda CSEG va DSEG yagona manzilli bo’shliqqa joylangan, ammo ular turli murojaat mexanizmlariga ega. Bunga aniq misol tariqasida Intel firmasining80x86 oilasiga mansub mikroprotsessorlarni keltirish mumkin.
Jismonan mikroprotsessor xotira qurilmasi hamda kiritish- chiqarish tizimi bilan tizim shinalarining yagona to’plami – tizim ichidagi magistral orqali hamkorlik qiladi. Ushbu magistral aksariyat hollarda quyidagilardan tashkil topadi:
DB (ingl. Data Bus) rusumli ma’lumotlar shinalaridan (ushbu shinalar orqali MzP, xotira va kiritish-chiqarish tizimi o’rtasida ma’lumotlar almashinuvi amalga oshadi);
AB (ingl. Address Bus) rusumli manzillar shinalaridan (murojaat qilinayotgan xotira va kiritish-chiqarish portlari uyalarining manzillarini uzatish uchun qo’llaniladi);
CB (ingl. Control Bus) rusumli boshqaruv shinalaridan (axborot almashinuvi tsikllarini amalga oshirib, tizim ishini boshqaradigan signallar ayni shu shinalar orqali uzatiladi).
Shinalarning ayni shunday to’plami XTTK kanalini tashkil toptirish uchun ham qo’llaniladi. Bunday turdagi magistral demultipleks magistrali yoki ayiruvchi manzil va ma’lumotlar shinalariga ega uch shinali magistral deb ataladi.

Ma’lumotlarning magistral orqali tabiiy almashinishi kanalga so’zlar yoki baytlar vositasida bir-biridan keyin amalga oshiriladigan murojaatlar ko’rinishida kechadi. Magistralga murojaatlarning bitta tsikli davomida MP, xotira qurilmasi va kiritish-chiqarish tizimi o’rtasida bitta so’z yoki bayt uzatiladi.
Almashinishning bir nechta tsikllari mavjud. Ular jumlasiga xotirani o’qish va xotiraga yozish tsikllari kiradi.
Kiritish-chiqarish makoni izolyatsiya bo’lganida kiritish-chiqarish portini o’qish va kiritish-chiqarish portiga yozish tsikllari qo’shiladi.
Magistralda, ishlash tezligi MzPning ishlash tezligidan past bo’lgan qurilmalar ishlab turgan ayrim holatlarda RD, WR va shu kabi boshqa stroblar davomiyligi chetdagi modul tomonidan almashinish operatsiyasi to’g’ri bajarilishi uchun etarli bo’lmay qolishi mumkin. Magistral operatsiya muvaffaqiyatli yakun topishini tashkillashtirish uchungina CB tarkibiga maxsus READY signali kiritiladi. Kanalga murojaatlarning har bir tsiklida RD yoki WR strobasi yakuniga etishdan oldin MzP READY signalining holatini tekshiradi. Agar READY ushbu fursatda hali uloqtirib yuborilmagan bo’lsa, MzP tegishli stroba muddatini unga WS (ingl. Wait State) deb nomlanadigan kutish taktlarini o’rnatib, uzaytiradi.
Mikroprotsessorning ma’lum modeli va ish rejimiga bog’liq holda WS ning maksimal miqdori cheklangan yoki cheklanmagan bo’lishi mumkin. Magistralda amalga oshadigan ishning oddiy rejimida faqat bitta faol qurilma ishlaydi, u ham bo’lsa, MzP bo’lib, magistralda kechadigan ma’lumotlar almashinuvining barcha tsikllarini qo’zg’atadi.
Biroq, shunday holatlar ham joizki, bunda ayni bitta magistralda bir nechta faol qurilma bo’lib, ular ayni bir xotira va kiritish- chiqarish bloklari bilan ishlashi darkor bo’ladi. Boshqa faol qurilma ma’lumotlarni magistral bo’ylab uzata olishi uchun MzPni vaqtincha dezaktivatsiya qilish zarur bo’ladi. Bu maqsadda aksariyat zamonaviy mikroprotsessorlar “bevosita xotiraga kirish” (BXK) deb nom berilgan rejimda ishlay oladi. Ushbu rejim amalga oshishi uchun CB ga qo’shimcha HOLD va HLDA signallari kiritiladi. CB boshqaruv shinasining kirish qismiga HOLD ning faol sathi etib kelganida mikroprotsessor o’z dasturi ishining ijrosini to’xtatadi, shinalarining chiqish qismlarini yuqori impedan holatga o’tkazib, chiqish qismidagi faol sathni HLDA ga havola etadi. Bu esa, o’z navbatida, magistral bo’ylab almashinish tsiklini boshlash mumkinligi haqida boshqa faol qurilma uchun signal xizmatini o’taydi. Ushbu qurilma o’z almashinish tsikllarini nihoyasiga etkazgach, HOLD signalini uloqtirib yuboradi. Shundan so’ng MzP o’zining odatiy holatiga o’tib, dastur ishini davom ettiradi.
MzPdan dastur ishining me’yoriy kechishini o’zgartirish talab etiladigan boshqa ish rejimi ham mavjud bo’lib, unga “uzilish” deb nom berilgan. Zamonaviy mikroprotsessorlarning deyarli hammasi bitta yoki bir nechta INT0, INT1 va h. k. nomlanadigan tashqaridan uzib qo’yadigan kirish qismlariga ega. Ushbu kirish qismlariga tizimda muayyan hodisalar ro’y berayotganligi haqida dalolat beruvchi signallar etib keladi. MzP esa, o’z navbatida, kelgan signallarga muayyan tarzda munosabat bildirishi lozim. Bunday kirish qismlaridan biriga faol sathli signal etib kelganida, mikroprotsessor, me’yoriy tarzda kechayotgan dastur ishi uzilib, ishni to’xtatishga sabab bo’lgan komanda manzilini xotiraga saqlaydi va muayyan manzil bo’ylab CSEGga yozilib qolgan “uzilishga ishlov berish kichik dasturi”ni (TQIKD) bajarishga kirishadi. Bunday kichik dastur manzili “uzilish vektori” deb nomlanadigan maxsus xotira uyasiga yozilgan. Dastur ishini uzgan har bir alohida manba o’z uzilish vektoriga ega. TQIKDni bajarib bo’lgach, protsessor, xotirada saqlangan manzil bo’yicha TQIKD ijrosi yakunlanadigan maxsus komandaga binoan ishi uzilgan dastur ijrosiga qaytadi. Dastur ishi uzilishiga sababchi bo’lgan manbalar jumlasiga ichki manbalar ham (ya’ni, mikrosxemaning “uzilish so’raladigan kirish qismlari” deb nomlanadigan kirish qismlaridan biriga kelishi), tashqi manbalar ham (ya’ni, muayyan sharoitlarga ko’ra protsessor ichida generatsiyalanishi) kirishi mumkin. Bir vaqtning o’zida bir nechta turlicha uzilish so’rovlari kelishi mumkinligi bois, bunday so’rovlarning har biriga alohida xizmat ko’rsatish izchilligini belgilaydigan muayyan tartib mavjud. Uning ishini MzP ichida yoki maxsus kontoller vositasida joriy etilgan “uzilishlarning ustuvor arbitraj” tizimi ta’minlaydi. Mulohaza yuritilayotgan tizimga muvofiq dastur ishi uzilishiga sababchi bo’lgan har bir manba, unga xizmat ko’rsatilish navbatini belgilab beradigan o’z ustunligiga (doimiy yoki o’zgaruvchan ustunlikka) ega. Bir vaqtning o’zida bir nechta uzilish so’rovlari kelgan paytda dastavval ustunlik darajasi yuqori, shundan so’ng past darajali uzilish so’rovlariga xizmat ko’rsatiladi. Ustunlik darajasi yuqori so’rov asosiy dastur ishini qanday to’xtatib qo’ysa, ishi boshlangan past darajali uzilishga ishlov berish kichik dasturining ishini ham xuddi shu tariqa to’xtatib qo’yishi mumkin. Ayni paytda “kiritilgan uzilish” deb ataladigan uzilish vujudga keladi.
CSEG va DSEGdan tashqari deyarli barcha zamonaviy mikroprotsessorlar RSEG (ingl. Register Sgment) dasturiy-ochiq registrlar to’plami deb ataladigan atayin ajratib qo’yilgan kichik hajmli ma’lumotlar makoniga ega. CSEG va DSEGdan farqliroq RSEG registrlari MzP ichida, uning arifmetik-mantiqiy qurilmasining bevosita yaqinida joylashgan. Bu esa, o’z navbatida, ushbu registrlar ichidagi axborotga jismonan tez kirib borilishini ta’minlaydi. RSEG registrlari ichida, odatda, MzP tomonidan tez- tez ishlatib turiladigan hisoblarning oraliq natijalari saqlanadi. RSEG sohasi DSEGning ma’lumotlar makonidan to’liq ajratilgan bo’lishi yoki u bilan qisman kesishib o’tishi yoxud uning tarkibiy qismi sifatida kiritilgan bo’lishi mumkin. RSEGning ichki mantiqiy tuzilishi turlicha bo’lib, mikroprotsessorlarning arxitekturasini tasniflashda muhim o’rin egallaydi.
Mikroprotsessor registrlari funktsional jihatdan bir xil bo’lmaydi, xususan: ularning bir turi ma’lumotlarni yoki manzilga oid axborotni saqlash uchun xizmat qilsa, boshqa turi – MzP ishini boshqarish uchun xizmat qiladi. Shunga muvofiq barcha registrlarni ma’lumotlar registrlari, ko’rsatkichlar va maxsus vazifalar bajaruvchi registrlarga farq qilish mumkin. Ma’lumotlar registrlari operandlar manbalari va natija qabul qilgichlar sifatida arifmetik va mantiqiy operatsiyalarda ishtirok etadi, manzil registrlari yoki ko’rsatkichlar esa asosiy xotira qurilmasidagi ma’lumotlar va komandalarning manzillarini hisoblab chiqarishda qo’llaniladi. Maxsus registrlar MzPning joriy holatiga indeks berish va tarkibiy qismlarining ishini boshqarish uchun xizmat qiladi. Shunday arxitektura ham bo’lishi joizki, ayni bir registrlar ma’lumotlarni ham, manzillarga oid axborotni ham saqlash uchun qo’llaniladi. Bunday registrlar umummaqsadli registrlar (UMR) deb ataladi. Registrlarning u yoki bu turidan foydalanish usullari MP arxitekturasining muayyan xususiyatlarini belgilab beradi.

 

5356 marta o`qildi.

Parol:
Eslab qolish.


Ro`yhatdan o`tish

testing

+998915878681

Siz o`z maxsulotingizni 3D reklama ko`rinishda bo`lishini xohlaysizmi? Unda xamkorlik qilamiz.

3D Reklama


Рейтинг@Mail.ru
Рейтинг@Mail.ru

Besucherzahler
счетчик посещений