linkedin facebook linkedin facebook nod32

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

Muallif: Mengliyev Sh.

Qo`shilgan sana: 2014-04-18

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori


Mamlakatimizning dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilarini rag‘batlantirishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013 y., 39-son, 508-modda)
O‘zbekiston Respublikasining «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari uchun xalqaro standartlarga mos dasturiy ta’minot vositalarini respublikada ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, sifatli, raqobatbardoshli dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish yuzasidan mamlakatimiz ishlab chiquvchilarini rag‘batlantirishni kuchaytirish, shuningdek ularning mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda ildam siljitishga ko‘maklashish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining Dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilarining milliy reestrini tuzish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilab qo‘yilsinki:
Dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilarining milliy reestri software.uz Internet-portalida joylashtirilgan dasturiy mahsulotlar va ishlab chiquvchilarning milliy katalogi negizida yaratiladi;
Milliy reestr elektron shaklda on-layn rejimida yuritiladi;
o‘z dasturiy ta’minot vositalarini ishlab chiqish, tadbiq etish va sotishdan olingan daromadlari ular sotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) umumiy hajmining kamida 50 foizini tashkil etadigan yuridik shaxslar Milliy reestrga ixtiyoriy va bepul asosda kiritiladi.
2. Quyidagilar Dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilar milliy reestrini yuritishning asosiy vazifalari va yo‘nalishlari deb hisoblansin:
mamlakatimizning dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilari to‘g‘risidagi axborotning yagona elektron bankini yaratish va istiqbolli loyihalarni hamda innovatsion komp`yuter texnologiyalarini yaratish bilan mashg‘ul bo‘lgan iste’dodli yosh dasturchilarni qo‘llab-quvvatlash;
milliy dasturiy mahsulotlarning ma’lumotlar bazasini shakllantirish hamda mamlakatimizda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish bozorining holati va salohiyati to‘g‘risida axborot berish;
ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshli bo‘lgan, sifatli milliy dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqishni rag‘batlantirish;
iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining real ehtiyojlarini hisobga olgan holda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash;
mamlakatimiz dasturiy mahsulotlar ishlab chiquvchilarining manfaatlarini ifodalash, ularga o‘z mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda ildam siljitishda ko‘mak berish.
3. Dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilarining milliy reestrini shakllantirish, yuritish va yanada rivojlantirish vazifalari O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi zimmasiga yuklansin.
4. Milliy reestrga kiritilgan dasturiy ta’minot vositalarini ishlab chiquvchilar 2017 yilning 1 yanvariga qadar muddatda:
barcha turdagi soliqlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l fondiga, byudjetdan tashqari Ta’lim va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lashdan;
O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha o‘z ehtiyojlari uchun olib kelinadigan uskunalar, butlovchi qismlar, detallar, uzellar, texnologiya hujjatlari, dasturiy ta’minot vositalariga boj to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan ozod qilinsin.
5. Quyidagilar belgilab qo‘yilsin:
mazkur qaror 4-bandining 2-xatboshida nazarda tutilgan soliq imtiyozlari berilishi munosabati bilan bo‘shaydigan mablag‘lar Milliy reestrga kiritilgan yuridik shaxslar — dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilarining xodimlarini rag‘batlantirish, moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlashga yo‘naltiriladi;
Milliy reestrga kiritilgan yuridik shaxslar – dasturiy ta’minot vositalarini ishlab chiquvchilar uchun ushbu qarorda nazarda tutilgan soliq imtiyozlarining amal qilish muddati, agar ularning o‘zlari ishlab chiqargan dasturiy ta’minot vositalarini eksport qilish hajmi ular sotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) umumiy hajmining kamida 50 foizini tashkil etgan taqdirda, 2 yilga uzaytiriladi.
6. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yirik sanoat korxonalari bilan kasanachilikni rivojlantirish asosidagi ishlab chiqarish va xizmatlar o‘rtasida kooperatsiyani kengaytirishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2006 yil 5 yanvardagi PF-3706-sonli farmonining amal qilishi Milliy reestrga kiritilgan yuridik shaxslar — dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilariga, agar ular xonadonlarda ishlovchi (kasanachi) jismoniy shaxslar bilan mehnat shartnomalari tuzadigan bo‘lsalar, tadbiq etilsin;
yuridik shaxslar foydasiga solinadigan soliq va yagona soliq to‘lovi bo‘yicha yangi texnologiya uskunalarini xarid qilish chog‘ida soliqqa tortiladigan bazani kamaytirishga doir amaldagi tartib respublika korxonalari va tashkilotlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining har yilgi Investitsiya dasturiga kiritiladigan axborot tizimlarini yaratish bo‘yicha investitsiya loyihalari doirasida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan dasturiy ta’minot vositalarini sotib olishga yo‘naltiriladigan mablag‘lar miqdoriga joriy qilinsin.
7. SHunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq Milliy reestrga kiritilgan yuridik shaxslar – dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilari dasturiy ta’minot vositalarini ishlab chiqarish va ularga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ishlar hamda xizmatlarni Internet tarmog‘ining on-layn do‘konlari orqali eksport shartnomasi mavjud bo‘lmasdan xorijiy valyutaga eksport qilish huquqiga egadirlar.
O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Markaziy bank bilan birgalikda ikki oy muddatda Dasturiy ta’minot vositalari eksporti va importi to‘g‘risidagi Nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin, unda dasturiy ta’minot vositalarini ishlab chiqarish, sotish va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishning o‘ziga xos xususiyatlari nazarda tutilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilarining milliy reestri to‘g‘risidagi Nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH.M. Mirziyoev zimmasiga yuklansin.
 Ushbu Qaror «Xalq so‘zi» gazetasining 2013 yil 21 sentyabrdagi 187 (5861)-sonida e’lon qilingan. WWW.XS.uz
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2013 yil 20 sentyabr,
PQ-2042-son

985 marta o`qildi.

Foydalanuvchi ismi: dilmurod
Qo`shilgan sana: 2015-04-10

yaxshi

Parol:
Eslab qolish.


Ro`yhatdan o`tish

testing

+998915878681

Siz o`z maxsulotingizni 3D reklama ko`rinishda bo`lishini xohlaysizmi? Unda xamkorlik qilamiz.

3D Reklama


Рейтинг@Mail.ru
Рейтинг@Mail.ru

Besucherzahler
счетчик посещений